Xiva shahrida 10 oylik ajrimlar va xotin-qizlar masalalari yuzasidan kengaytirilgan muhokama o‘tkazildi

Xiva shahrida o‘tgan 10 oy davomida qayd etilgan ajrimlar holati, xotin-qizlar o‘rtasidagi jinoyatchilik, zo‘ravonlik va tazyiq holatlari yuzasidan kengaytirilgan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ajrimlarning oldini olish, oilalarda barqarorlikni mustahkamlash, ziddiyatlarni erta aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlarini himoya qilish, zarur psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish mexanizmlarini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar statistikasi tahlil qilindi hamda ularning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarning samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Shuningdek, ayollar salomatligini yaxshilash, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, “Oila — mahalla — ta’lim muassasasi” tamoyili asosida uzviy hamkorlikni kuchaytirish, xotin-qizlarga ijtimoiy-psixologik yordam ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Yig‘ilish yakunida mas’ullarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, aholiga ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotni kuchaytirish, oilaviy nizolarni erta bosqichda hal etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
21-11-2025, 14:22
Ko'rishlar: 14
Sahifani chop etish