Payshanba — Yoshlar kuni munosabati bilan bugun Xorazm viloyati prokurori Murodxon Ahmedov Xiva shahridagi Xiva turizm va madaniy meros texnikumida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur tadbirda shahar hokimi Temur Davletov ham ishtirok etib, yoshlarga hamrohlik qildi.
Uchrashuv davomida yoshlarni qiynayotgan muammolar, xususan ishga joylashish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kredit olish masalalari muhokama qilindi. Yoshlar o‘z taklif va tashabbuslarini bildirish imkoniga ega bo‘lishdi.
Tadbir jarayonida iqtidorli yoshlarning qiziqishlari inobatga olinib, ularga musiqiy asboblar, kompyuterlar hamda faol yoshlar uchun kitoblar to‘plami topshirildi.
Shuningdek, uchrashuvdan so‘ng yoshlar va rahbarlar ishtirokida texnikum hududida “Yashil makon” tashabbusi doirasida ko‘chatlar ekildi.
Bundan tashqari, yoshlar uchun mehnat yarmarkasi va tibbiy ko‘riklar ham tashkil etilib, tashrif buyuruvchilarga keng imkoniyatlar yaratildi.
Tibbiy ko‘rikdan maqsad — xodimlarning umumiy sog‘liq holatini aniqlash, kasalliklarni erta bosqichda tashxislash va ularning oldini olishdan iborat bo‘ldi. Ko‘rik jarayonida malakali shifokorlar tomonidan har bir ishtirokchi to‘liq tekshiruvdan o‘tkazildi.



